Xabaringiz bor, shu kunlarda “Barkamol avlod” sport musobaqalarining respublika final bosqichlari butun respublikamiz bo‘ylab ko‘tarinki ruhda tashkil etilmoqda.
Voleybol bo‘yicha o‘g‘il bolalar o‘rtasida tashkil etilgan akademik litsey va professional taʼlim muassasalari o‘quvchi-yoshlari ishtirokidagi navbatdagi musobaqaga Toshkent shahri mezbonlik qildi.
Mazkur musobaqada hududiy saralash bosqichlarida g‘alaba qozonib, respublika final bosqichiga yo‘llanma olgan Samarqand, Buxoro, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlari jamoalari g‘oliblik uchun kurash olib borishdi.
Keskin qarama-qarshiliklar ostida kechgan musobaqa yakuniga ko‘ra, Farg‘ona viloyati vakillari chempionlikni tantana qilishdi. 2-o‘rin Buxoro viloyati sportchilariga nasib etgan bo‘lsa, 3-o‘rinni Samarqand viloyati vakillari qo‘lga kiritishdi.
Eslatib o‘tamiz, voleybol bo‘yicha qizlar o‘rtasida Xorazmda tashkil etilgan musobaqalarda ham g‘oliblik farg‘onalik sportchi qizlarga nasib etgan edi.
Maʼlumot uchun, “Barkamol avlod” sport musobaqalarining respublika final bosqichidan o‘rin olgan navbatdagi musobaqa gandbol bo‘yicha Andijon shahrida bo‘lib o‘tadi.